Янгиликлар
News and press releases
ЕХҲТ фаолияти ҳақида янгиликлар ва пресс-релизлар
Toshkentda Markaziy Osiyoda mintaqaviy xavfsizlikning ustuvor yo‘nalishlari muhokama qilindi
Publishing date: 22 ноября 2025
Content type: News
Where we are: ЕХҲТнинг Ўзбекистондаги лойиҳалари координатори
Davlat organlari, xalqaro tashkilotlar, diplomatik korpus va ilmiy jamoatchilik vakillari O‘zbekiston Harbiy xavfsizlik va mudofaa universiteti hamda YXHTning O‘zbekistondagi loyihalar koordinatori tomonidan tashkil etilgan «Regionalizm va barqarorlik: global o‘zgarishlar sharoitida Markaziy Osiyo xavfsizligini ta’minlash» nomidagi xalqaro konferensiyada mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish, tinchlikni mustahkamlash va xavfsizlikni ta’minlash yo‘llarini muhokama qildilar. O‘z nutqida YXHTning O‘zbekistondagi loyihalar koordinatori, elchi Antti Karttunen xavfsizlikka kompleks yondashuvning ahamiyatini ta’kidladi:«Xavfsizlik faqat harbiy imkoniyatlar bilan cheklanmaydi. Bu tushuncha ishonchli davlat institutlari, barqaror iqtisodiy o‘sish, ekologik muvozanat, qonun ustuvorligi va odamlarning farovonligini ham qamrab oladi. Haqiqiy xavfsizlik jamiyat institutlariga ishonch, qo‘shni davlatlar bilan faol hamkorlik va yangi chaqiriqlarga samarali javob berish mexanizmlariga ega jamiyatlarda yuzaga keladi». Elchi Antti Karttunen YXHTning ko‘p mezonli xavfsizlik konsepsiyasi – siyosiy-harbiy, iqtisodiy-ekologik va insoniy mezonlarni o‘z ichiga oluvchi – mintaqada barqarorlikni mustahkamlash va zamonaviy chaqiriqlar sharoitida muvofiqlashtirilgan harakatlarni amalga oshirish uchun ishonchli asos yaratishini qayd etdi. Tadbirda mintaqaviy xavfsizlikning asosiy jihatlari muhokama qilindi: hamkorlik mexanizmlarini mustahkamlash, yangi kiberxavf-xatarlar sharoitida raqamli barqarorlikni oshirish, transmilliy tashkilotlangan jinoyatchilikka qarshi kurash, iqlim o‘zgarishlarining mintaqaviy xavfsizlikka ta’sirini baholash, shuningdek institutlar va jamoatchilik o‘rtasida ochiqlik va ishonchni rivojlantirish. Konferensiya ishtirokchilarga tajriba almashish, ilmiy tadqiqotlar natijalarini muhokama qilish va Markaziy Osiyoda barqarorlikni mustahkamlash bo‘yicha yangi innovatsion yondashuvlarni aniqlash imkonini yaratdi.
YXHT inson huquqlarini sudda va hibsga olish jarayonida samarali himoya qilish bo‘yicha xalqaro tajriba bilan o‘rtoqlashmoqda
Publishing date: 12 ноября 2025
Content type: News
Where we are: ЕХҲТнинг Ўзбекистондаги лойиҳалари координатори
What we do: Инсон ҳуқуқлари
Ichki ishlar organi xodimi, prokuror, sudya va advokat o‘rtasida qanday umumiylik bor? Ularning barchasi qonun ustuvorligini ta’minlashi va inson huquqlarini himoya qilishi kerak. Ammo buni amalda qanday joriy etish mumkin- tergov ketayotganda, gumon qilinuvchi so‘roq qilinayotganda yoki guvohdan ko‘rsatma olinayotganda-mi? 11-12 noyabr kunlari Toshkentda YXHTning O‘zbekistondagi loyihalar koordinatori tomonidan Taraqqiyot va odil sudlov markazi (CDJI) bilan hamkorlikda tashkil etilgan "Jinoiy sud ishlarini yuritish jarayonida protsessual kafolatlarni ta’minlash va shaxs huquqlarini himoya qilish" mavzusidagi seminar ishtirokchilari aynan shu masalalarni muhokama qildilar. Huquqni muhofaza qilish organlari, sud tizimi va advokatura vakillari o‘zaro tajriba almashdilar va jinoyat jarayonini yanada adolatli, shaffof va insonparvar qilish yo‘llarini muhokama qildilar. Treningni Rivojlanish va odil sudlov markazining (CDJI) qonun ustuvorligi sohasidagi yetakchi mutaxassislari, Buyuk Britaniya, Ispaniya va Gollandiyadan kelgan ekspertlar olib bordi. Ular konstitutsiyaviy kafolatlar va "Miranda huquqlari"- insonning nimada ayblanayotganini bilish, sukut saqlash va hibsga olinganda advokat yordamidan foydalanish huquqi haqida gapirdilar. Bu qoidalar AQShda 1966 yilda Ernesto Miranda ishidan keyin paydo bo‘lgan va o‘shandan beri gumonlanuvchilarga adolatli munosabatda bo‘lish ramziga aylangan. Ishtirokchilar har bir hibsga olingan shaxs o‘z huquqlari haqida aniq tasavvurga ega bo‘lishi va ulardan foydalanishi uchun bunday kafolatlar O‘zbekiston amaliyotida qanday ishlashi mumkinligini muhokama qildilar. Buyuk Britaniyalik huquq-tartibot mutaxassisi va xalqaro so‘roq standartlari bo‘yicha murabbiy ishtirokchilarga P.E.A.C.E. modelini- bosim va majburlovsiz so’roq o‘tkazishga zamonaviy, axloqiy va ilmiy asoslangan yondashuvni taqdim etdi. Amaliy mashg‘ulotlar davomida ishtirokchilar muloqotni ishonch, hurmat va shaffoflik asosida qurgan holda so’roq qilish ko‘nikmalarini mashq qildilar. Qiynoqlar va shafqatsiz muomalaning boshqa shakllariga yo‘l qo‘ymaslikka ko‘maklashuvchi Mendes tamoyillari kabi xalqaro standartlarga alohida e’tibor qaratildi. Muhokamalar shuni ko‘rsatdiki, inson huquqlariga hurmat kundalik amaliyotdan- tergovchining savol berishi, prokurorning dalillarni baholashi va sudyaning qaror qabul qilishidan boshlanadi. Seminar yakunida ishtirokchilar olingan bilim va ko’nikmalar O‘zbekistonda jinoyat sudlovini yanada adolatli va inson huquqlariga rioya qilish, uning sha’ni, qadr-qimmatini hurmat qilish va qonun ustuvorligini ta’minlashga qaratilganligini ta’kidladilar.
YXHTning davra suhbati mediasavodxonlik yoshlarni radikallashuvdan qanday himoya qilishi mumkinligini ko‘rsatdi
Publishing date: 7 ноября 2025
Content type: News
Where we are: ЕХҲТнинг Ўзбекистондаги лойиҳалари координатори
4-5 noyabr kunlari Toshkentda bo‘lib o‘tgan mintaqaviy YXHT davra suhbati yoshlar orasida radikallashuv va zo‘ravonlikka olib boruvchi ekstremizmning oldini olishda media savodxonlikning muhim ahamiyatini ko‘rsatdi. Unda jurnalistlar, fuqarolik jamiyati vakillari va mutaxassislar yoshlarning onlayn axborotni tanqidiy tahlil qilishiga yordam beruvchi amaliy yondashuvlar- radikal yoki zo‘ravon g‘oyalarni rad etuvchi narrativlar yaratishdan tortib sun’iy intellekt asosidagi vositalargacha- bilan o‘rtoqlashdilar. Tadbirda, shuningdek, ayollarni himoya qilish va ularni kuchaytirishga xizmat qiluvchi gender sezgir strategiyalar alohida ta’kidlandi. Shunday qilib, ongli va mas’uliyatli axborot maydonida faol bo‘lish jamiyatda haqiqiy o‘zgarishlarga turtki bo‘lishi mumkinligi yaqqol ko‘rsatildi. Tadbir YXHTning O‘zbekistondagi loyihalar koordinatori hamda Jurnalistlarni qayta tayyorlash markazi hamkorligida tashkil etildi. Unda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekistondan jurnalistlar, fuqarolik jamiyati faollari, yosh mutaxassislar va tadqiqotchilar ishtirok etdilar. Ishtirokchilar mintaqadagi muvaffaqiyatli tashabbuslar, faktlarni tekshirishning amaliy usullari hamda axloqiy jurnalistika tamoyillarini muhokama qildilar. Shuningdek, media va fuqarolik jamiyati o‘rtasidagi hamkorlik yoshlarning turli tahdidlarga nisbatan bardoshliligini qanday kuchaytirishi mumkinligi haqida fikr almashildi. Noto‘g‘ri axborot va zararli onlayn mazmunga qarshi kurashish uchun yangi vositalar ham taqdim etildi. Tadbir doirasida zo‘ravon ekstremizm va terrorizmning oldini olish bo‘yicha tajriba hamda ilg‘or amaliyotlarni almashishda davom etadigan mintaqaviy ekspertlar tarmog‘i ham yo‘lga qo‘yildi. “Bugungi raqamli dunyoda haqiqatni noto‘g‘ri axborotdan ajratish tobora qiyinlashib bormoqda. Internetdan eng faol foydalanuvchi qatlam sifatida yoshlar aynan soxta axborotga eng ko‘p ta’sirchan hisoblanadi. Shu bois media savodxonlik ularni himoya qiluvchi qalqon bo‘lib xizmat qilishi kerak. Agar yoshlar tanqidiy fikrlash madaniyatini o‘z oilasi va do‘stlari orasida ham shakllantira olsalar, bu butun jamiyatning bardoshliligini kuchaytiradi,”- dedi YXHTning O‘zbekistondagi loyihalar koordinatori, elchi Antti Karttunen. Davra suhbati davomida ijtimoiy tarmoqlardagi trendlar, blogerlar va sun’iy intellekt tomonidan yaratilayotgan kontent yoshlarning dunyoqarashiga qanday ta’sir ko‘rsatayotgani yuzasidan jonli munozaralar bo‘lib o‘tdi. Ishtirokchilar, bu jarayonlarni tushunish yoshlar orasida profilaktika strategiyalarini samarali ishlab chiqish va yoshlar uchun haqiqatan ham muhim va tushunarli mazmun yaratishda juda muhim ekaniga kelishib oldilar. Tadbir yakunida ishtirokchilar yoshlar bilan ishlash, tanqidiy fikrlashni rivojlantirish va xavfsiz media amaliyotlarini targ‘ib qilishda yordam beradigan amaliy vositalar, foydali strategiyalar va yangi aloqalarni qo‘lga kiritdilar. Ta’kidlash joizki, avval YXHTning O‘zbekistondagi loyihalar koordinatori hamda Jurnalistlarni qayta tayyorlash markazi hamkorligida O‘zbekistonning turli hududlarida media savodxonligi bo‘yicha treninglar tashkil etilgan edi. Ushbu kurslar jurnalistlar va blogerlarda noto‘g‘ri axborotni aniqlash, soxta yangiliklarni tahlil qilish va mazmun orqali ijtimoiy mas’uliyatni targ‘ib qilish ko‘nikmalarini oshirdi.
YXHT Raisining Yoshlar, Tinchlik va Xavfsizlik masalalari bo‘yicha Maxsus vakili Toshkentga tashrif buyurdi – yoshlar muloqoti va hamkorligini rivojlantirish yo‘lida
Publishing date: 7 ноября 2025
Content type: News
Where we are: ЕХҲТнинг Ўзбекистондаги лойиҳалари координатори
2025-yil 5–6-noyabr kunlari YXHT Raisining Yoshlar, Tinchlik va Xavfsizlik masalalari bo‘yicha Maxsus vakili Santeri Leinonen Toshkentga tashrif buyurib, barqaror tinchlik va xavfsizlikni ta’minlash yo‘lidagi sa’y-harakatlarda yoshlarning ijobiy, faol va inklyuziv rolini mustahkamlash borasida muloqotni chuqurlashtirishga qaratilgan uchrashuvlar o‘tkazdi. Tashrif doirasida janob Leinonen O‘zbekiston Yoshlar ishlari agentligi, Nordik Xalqaro Universiti hamda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti vakillari, shuningdek, fuqarolik jamiyati yosh faollari bilan uchrashdi. Yoshlar ishlari agentligidagi muloqotda yoshlarning siyosat yuritish va tinchlikni mustahkamlash jarayonlarida ishtirokini kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Tomonlar yoshlarni jamiyatda ijobiy o‘zgarishlar harakatlantiruvchi kuchi sifatida qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha umumiy ustuvor yo‘nalishlarni ta’kidladilar. Nordik Xalqaro Universiti va Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetiga tashrifi chog‘ida janob Leinonen 2025-yil iyul oyi oxirida Helsinkida bo‘lib o‘tgan YXHT Raisligi Yoshlar forumi natijalari bilan o‘rtoqlashdi. Ushbu forumda YXHT mintaqasining turli davlatlaridan, jumladan O‘zbekistondan kelgan yoshlar ishtirok etib, Finlyandiya raisligi doirasida e’lon qilinadigan “Yoshlar, tinchlik va xavfsizlik” (YTS) bo‘yicha yo‘l xaritasini ishlab chiqishga hissa qo‘shgan edilar. Shuningdek, u Finlyandiyaning yoshlar hamkorligi tajribasi va YTS milliy harakat rejalari loyihasini tayyorlash jarayoni haqida so‘zlab berdi. Uchrashuv yakunida talaba va yosh diplomatlar klubi a’zolari bilan yoshlarning tinchlik, muloqot va o‘zaro tushunishni mustahkamlashdagi o‘rni haqida ochiq fikr almashildi. Tashrif yakunida fuqarolik jamiyati yosh vakillari bilan uchrashuv o‘tkazilib, mintaqaviy hamkorlik va yoshlar tashabbuslariga oid imkoniyatlar muhokama qilindi. Tashrif yakunlari yuzasidan janob Santeri Leinonen shunday dedi: “Toshkentda shunchalik faol va fidoyi yoshlar bilan uchrashish menga katta ilhom bag‘ishladi. Ularning energiyasi, ijodkorligi va jamoalar o‘rtasida ko‘priklar qurishga bo‘lgan intilishi barqaror tinchlikning asosi hisoblanadi. Turli mintaqalar va madaniyatlar o‘rtasidagi yoshlar hamkorligini mustahkamlash- barchamiz uchun inklyuziv va xavfsiz kelajakni barpo etish yo‘lidagi muhim qadamlardan biridir. Maydon tashriflari mening Maxsus vakil sifatidagi faoliyatimning eng sermazmun qismi bo‘lib qolmoqda.” Kun davomida bo‘lib o‘tgan muloqotlar O‘zbekiston yoshlarining o‘z jamoalari hayotini shakllantirish va mintaqaviy hamkorlikka hissa qo‘shishdagi faol rolini namoyon etdi. Bu esa YXHT hududida ilgari surilayotgan “Yoshlar, tinchlik va xavfsizlik” kun tartibining umumiy ruhini yaqqol aks ettirdi.
YXHT birinchi Farg‘ona tinchlik forumida muloqot va birdamlikni qo‘llab-quvvatlaydi
Publishing date: 19 октября 2025
Content type: News
Where we are: ЕХҲТнинг Ўзбекистондаги лойиҳалари координатори
What we do: Можароларнинг олдини олиш ва ҳал қилиш
Birinchi Farg‘ona tinchlik forumi 2025-yil 15–16-oktyabr kunlari Farg‘ona davlat universitetida bo‘lib o‘tdi. “Tinchlik va taraqqiyot yo‘lida sa’y-harakatlarni birlashtirish” shiori ostida o‘tgan muhokamalarda Markaziy Osiyo, MDH, Yevropa, Osiyo va Amerika mamlakatlaridan 300 dan ortiq ishtirokchi qatnashdi. Ikki kun davom etgan muloqotlar chog‘ida ishtirokchilar Farg‘ona vodiysida o‘zaro ishonch va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlash, mintaqaning iqtisodiy salohiyatini ro‘yobga chiqarish yo‘llari, madaniy va gumanitar hamkorlikni rivojlantirish, shuningdek, barqaror va tinch kelajakni barpo etishda yoshlarning muhim o‘rni haqida fikr almashdilar. Forumda so‘zga chiqqan YXHT Nizolarning oldini olish markazi direktori Keyt Firon mintaqaviy hamkorlik va diplomatiyaning muhim ahamiyatini ta’kidladi: “Farg‘ona vodiysi ishonch va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlash yo‘lida diplomatiya va tinch vositalar orqali erishish mumkin bo‘lgan yutuqlarning ilhomlantiruvchi namunasiga aylanib bormoqda. YXHT Markaziy Osiyo mamlakatlarining ushbu noyob va jo‘shqin mintaqada tinchlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni mustahkamlash yo‘lidagi intilishlarini bundan buyon ham qo‘llab-quvvatlashga tayyor.” “Farg‘ona vodiysi – madaniy va gumanitar hamkorlik ufqlarini kengaytirish” mavzusidagi panel sessiyasida YXHTning O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori, elchi Antti Karttunen quyidagilarni ta’kidladi: “Farg‘ona vodiysi shunchaki geografik hudud emas. Bu, shuningdek, millionlab insonlarni umumiy tarix, an’analar va qadriyatlar bilan bog‘lab turuvchi madaniy va insoniy hamjamiyatdir. Ushbu sohalardagi hamkorlikni mustahkamlash ishonchni chuqurlashtirish va barqaror tinchlikni ta’minlashning eng samarali yo‘llaridan biridir.” Elchi Karttunen, shuningdek, transchegaraviy yoshlar hamkorligini rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratib, YXHTning O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori ofisi aniq loyihalarni ko‘rib chiqishga tayyorligini bildirdi. Forum muloqotni mustahkamlash, o‘zaro ishonchni chuqurlashtirish va mintaqaning barqaror rivojlanishini ta’minlashga qaratilgan Kommyunike qabul qilinishi bilan yakunlandi. Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti tomonidan Progressiv islohotlar markazi, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YXHT), Suv resurslarini boshqarish xalqaro instituti va Tinchlikni barpo etish xabi bilan hamkorlikda, Birlashgan Millatlar Tashkiloti hamda Yevropa Ittifoqi ko‘magida tashkil etildi.
YXHT Orolbo‘yi mintaqasida biologik xilma-xillikni monitoring qilish bo‘yicha kuzgi ekspeditsiyani qo‘llab-quvvatladi
Publishing date: 10 октября 2025
Content type: News
Where we are: ЕХҲТнинг Ўзбекистондаги лойиҳалари координатори
YXHTning barqaror rivojlanish tajribasini va iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish choralarini ilgari surish orqali ekologik xavfsizlikni mustahkamlashga ko‘maklashishga qaratilgan loyihasi doirasida Qoraqalpog‘iston Respublikasining Mo‘ynoq tumanida joylashgan Sudochye ko‘liga kuzgi ilmiy-amaliy ekspeditsiya amalga oshirildi. Ekspeditsiya YXHTning O‘zbekistondagi loyihalari koordinatorining moliyaviy ko‘magida hamda Orolni qutqarish Xalqaro jamg‘armasining Orol dengizi havzasi loyihalarini amalga oshirish agentligi bilan hamkorlikda o‘tkazildi. Tadbirda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi, Qoraqalpoq davlat universiteti, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi va boshqa mutasaddi tashkilotlarning yetakchi olim va ekspertlari ishtirok etdi. Dala ishlari suv sathi va sho‘rlanish darajasini kuzatish, o‘simliklar holatini tavsiflash, GPS xaritalash, bioxilma-xillik bo‘yicha ma’lumotlarni yig‘ish va dastlabki tahlil qilishdan iborat bo‘ldi. Monitoringning zamonaviy usullari, jumladan, tirik organizmlarning reaksiyasi asosida atrof-muhit holatini baholashning samarali vositasi bo‘lgan bioindikatsiya qo‘llanildi. "Sudochye suv-botqoq ekotizimini monitoring qilish nafaqat ilmiy, balki strategik ahamiyatga ham ega. Ekspeditsiya natijalari ham iqlim o‘zgarishi, ham antropogen omillar ta’sirida yuzaga kelgan o‘zgarishlarni baholash uchun asos bo‘lib xizmat qiladi hamda Orolbo‘yining biologik xilma-xilligini saqlash va degradatsiya bo’lgan hududlarini tiklash bo‘yicha takliflarni shakllantirish imkonini beradi,"- dedi ekspeditsiyada qatnashgan YXHTning O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori, elchi Antti Kartunen. "Biz Markaziy Osiyoning eng zaif mintaqalaridan birida biologik xilma-xillikni saqlash bo‘yicha sa’y-harakatlarni, ayniqsa, “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili”da qo‘llab-quvvatlashdan mamnunmiz." Ekspeditsiyada ishtirok etgan Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi agentligining loyiha menejeri Abrorjon Karimov so‘zlariga ko‘ra, Sudochye monitoringi shunchaki ma’lumot yig‘ish emas, bu mintaqa barqarorligiga qo‘shilgan hissadir. “Biz oddiy ko‘z bilan ko‘rib bo‘lmaydigan o‘zgarishlarni qayd etamiz va ularni aniq qarorlar uchun asosga aylantiramiz. YXHT ko‘magi tufayli ekspeditsiya yuqori darajada tashkil etildi va barcha xavfsizlik standartlariga rioya qilingan holda o‘tdi,” – dedi Abrorjon Karimov. YXHTning O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori 2016 yildan buyon Orolbo‘yi mintaqasining biologik xilma-xilligini monitoring qilishda Xalqaro jamg‘armani qo‘llab-quvvatlab kelmoqda. Sudochye ko‘liga ekspeditsiya Markaziy Osiyoda tabiiy resurslarni barqaror boshqarish va ekologik barqarorlikni rivojlantirish bo‘yicha kengroq tashabbusning bir qismidir. YXHTning ko’magi O‘zbekistonga nafaqat Parij bitimi va Biologik xilma-xillik to‘g‘risidagi konvensiya doirasidagi xalqaro majburiyatlarni bajarishga, balki ekologik boshqaruvga zamonaviy yondashuvlarni joriy etishga ham yordam beradi.
YXHT penitensiar muassasalarga monitoring tashriflarini amalga oshirish bo‘yicha xalqaro tajribani o‘rganishga ko‘maklashadi
Publishing date: 3 октября 2025
Content type: News
Where we are: ЕХҲТнинг Ўзбекистондаги лойиҳалари координатори
What we do: Инсон ҳуқуқлари
YXHTning O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) hamda Xalqaro taraqqiyot va odil sudlov markazi (CDJI) bilan hamkorlikda ozodlikdan mahrum etish muassasalarida monitoringni amalga oshirish masalalariga bag‘ishlangan ikki kunlik trening o‘tkazdi. Treningning maqsadi qiynoqlarning oldini olish va huquqbuzarliklarni aniqlashda monitoring tashriflarining roli va vazifalarini tushunishni ta’minlash, shuningdek, bunday tashriflarni rejalashtirish va o‘tkazish bo‘yicha xalqaro amaliyotni o‘rganishdir. Tadbirda Ombudsman devoni xodimlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyati institutlarining vakillari ishtirok etdi. Interfaol mashg‘ulotlarni o‘z ichiga olgan ikki kunlik trening davomida ishtirokchilar monitoring tashriflarini rejalashtirish va o‘tkazish, dalillarni to‘plash va tahlil qilish, shuningdek, jazoni ijro etish muassasalari ma’muriyati va u yerda saqlanayotgan shaxslar bilan suhbatlar o‘tkazishning samarali usullari bilan tanishdilar. Hisobotlarni xalqaro standartlarga muvofiq tayyorlash, amaliy tavsiyalarni shakllantirish va ijrosini ta’minlashga alohida e’tibor qaratildi. Tadbirda harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan yopiq muassasalarga monitoring tashriflari davomida qo‘llash uchun mo‘ljallangan metodologiya taqdim etildi. Amaliy topshiriqlar va guruh muhokamalari monitoring tashriflarini rejalashtirishni va ularni keyinchalik o‘tkazish jarayonida ilg‘or tajribalarni yanada chuqurroq o‘zlashtirishga yordam berdi. Ushbu trening 2006-yildan buyon davom etib kelayotgan YXHT va Ombudsmanning O‘zbekistondagi vakolatxonasi o‘rtasidagi ko‘p yillik hamkorlikning mantiqiy davomi bo‘lib, jazoni ijro etish muassasalariga monitoring tashriflari sohasidagi salohiyatni mustahkamlash, shuningdek, ushbu sohada kompleks yondashuvlarni ishlab chiqishga qaratilgan.