YXHT Raisining Yoshlar, Tinchlik va Xavfsizlik masalalari bo‘yicha Maxsus vakili Toshkentga tashrif buyurdi – yoshlar muloqoti va hamkorligini rivojlantirish yo‘lida
2025-yil 5–6-noyabr kunlari YXHT Raisining Yoshlar, Tinchlik va Xavfsizlik masalalari bo‘yicha Maxsus vakili Santeri Leinonen Toshkentga tashrif buyurib, barqaror tinchlik va xavfsizlikni ta’minlash yo‘lidagi sa’y-harakatlarda yoshlarning ijobiy, faol va inklyuziv rolini mustahkamlash borasida muloqotni chuqurlashtirishga qaratilgan uchrashuvlar o‘tkazdi.
Tashrif doirasida janob Leinonen O‘zbekiston Yoshlar ishlari agentligi, Nordik Xalqaro Universiti hamda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti vakillari, shuningdek, fuqarolik jamiyati yosh faollari bilan uchrashdi.
Yoshlar ishlari agentligidagi muloqotda yoshlarning siyosat yuritish va tinchlikni mustahkamlash jarayonlarida ishtirokini kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Tomonlar yoshlarni jamiyatda ijobiy o‘zgarishlar harakatlantiruvchi kuchi sifatida qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha umumiy ustuvor yo‘nalishlarni ta’kidladilar.
Nordik Xalqaro Universiti va Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetiga tashrifi chog‘ida janob Leinonen 2025-yil iyul oyi oxirida Helsinkida bo‘lib o‘tgan YXHT Raisligi Yoshlar forumi natijalari bilan o‘rtoqlashdi. Ushbu forumda YXHT mintaqasining turli davlatlaridan, jumladan O‘zbekistondan kelgan yoshlar ishtirok etib, Finlyandiya raisligi doirasida e’lon qilinadigan “Yoshlar, tinchlik va xavfsizlik” (YTS) bo‘yicha yo‘l xaritasini ishlab chiqishga hissa qo‘shgan edilar.
Shuningdek, u Finlyandiyaning yoshlar hamkorligi tajribasi va YTS milliy harakat rejalari loyihasini tayyorlash jarayoni haqida so‘zlab berdi. Uchrashuv yakunida talaba va yosh diplomatlar klubi a’zolari bilan yoshlarning tinchlik, muloqot va o‘zaro tushunishni mustahkamlashdagi o‘rni haqida ochiq fikr almashildi.
Tashrif yakunida fuqarolik jamiyati yosh vakillari bilan uchrashuv o‘tkazilib, mintaqaviy hamkorlik va yoshlar tashabbuslariga oid imkoniyatlar muhokama qilindi.
Tashrif yakunlari yuzasidan janob Santeri Leinonen shunday dedi: “Toshkentda shunchalik faol va fidoyi yoshlar bilan uchrashish menga katta ilhom bag‘ishladi. Ularning energiyasi, ijodkorligi va jamoalar o‘rtasida ko‘priklar qurishga bo‘lgan intilishi barqaror tinchlikning asosi hisoblanadi. Turli mintaqalar va madaniyatlar o‘rtasidagi yoshlar hamkorligini mustahkamlash - barchamiz uchun inklyuziv va xavfsiz kelajakni barpo etish yo‘lidagi muhim qadamlardan biridir. Maydon tashriflari mening Maxsus vakil sifatidagi faoliyatimning eng sermazmun qismi bo‘lib qolmoqda.”
Kun davomida bo‘lib o‘tgan muloqotlar O‘zbekiston yoshlarining o‘z jamoalari hayotini shakllantirish va mintaqaviy hamkorlikka hissa qo‘shishdagi faol rolini namoyon etdi. Bu esa YXHT hududida ilgari surilayotgan “Yoshlar, tinchlik va xavfsizlik” kun tartibining umumiy ruhini yaqqol aks ettirdi.